"Raqibni ishonchli g'alaba bilan tabriklamoqchiman. Yaxshi o'yin bo'ldi. 5-8ta gol o'tkazib yubormaganimiz yaxshi bo'ldi. Ketma-ket uch o'yindan buyon tarkib o'zgarmayapti. Rotaciyasiz o'ynab kelmoqdamiz. Umid qilamanki, tanaffus paytida selekciya ishlarini olib boramiz va jamoamiz kuchayadi" - dedi Sergey Lushchan bugungi bahsdan so'ng.
- "Navbahor"ga ko'proq to'p bilan o'ynash qulay. Jamoangiz to'pni nazorat qila oladi, ritmni ham. Bugun esa buning iloji bo'lmadi. Bu nima bilan bog'liq? To'pga egalik qilishdagi kamchiliklarning sababi nima?
- Ehtimol, bu raqib tufayli bo'lgandir. Har qanday jamoa raqib imkon bergan tarzda o'ynaydi. Bugun o'yinimiz qovushmadi. Shunday bo'lsa-da, umid qilamanki, bu yigitlarda bunday kamchiliklar ortda qoladi. 11 kishi, 15 o'yinni deyarli almashtirishlarsiz o'ynadi. O'rinbosarsiz o'ynaydigan, o'rnini hech kim bosa bosa olmaydigan o'yinchilar bor. Shuning uchun shunday natija qayd etilgan bo'lsa kerak. Ketma-ket uch turdan buyon shunday charchoq va toliqish bilan o'ynab kelmoqdamiz.
Bu futbol, ikkinchi bo'limda ikki metr masofadan ikkita gol urish uchun imkoniyatimiz bor va o'yin natijasi shunchaki o'zgarib ketgan bo'lar edi. Bu erda biz gol urmadik, raqib esa sakkizta gol urishi mumkin edi. Ular o'zlarining ikkita golini urishdi va haqli g'alabaga erishishdi. "Paxtakor" juda yaxshi jamoa. Biz juda qiyin bahs bo'lishini bilardik. O'yinda kim xato qilishini oldindan aytib bo'lmaydi. O'tkazib yuborgan ikkinchi golimiz kulgili, birinchisi ham himoyadagi xatodan so'ng yuzaga keldi. Buni taxmin qilishning iloji yo'q, maydondagi futbolchi sirg'anib ketdi, xolos.
Bizning muammolarimiz bor, har bir jamoaning o'z muammolari bor, shuning uchun asta-sekinlik bilan bularning barchasini hal qilamiz. Hali hech narsa yo'qotmadik, biz kuchayishimizga ishonchim komil. Ayniqsa, bizda deyarli rotaciya bo'lmayotgan poziciyalarda. Tanaffusdagi yig'inda barchasini ko'rib, tahlil qilib chiqamiz va bir xulosaga kelamiz.
- Ko'plab muxlislar Odilovning erta almashtirilishi nima bilan bog'liqligiga qiziqishmoqda, chunki Odilov almashtirilgandan so'ng hujumlar biroz sustlashib qolgandek ko'rindi...
- Birinchidan, Odilov tanaffusda ham, o'yin oldidan ham aytgan ko'rsatmalarimni bajarmadi. U harakat qilmoqda, lekin biz undan biroz boshqa narsani kutyapmiz. Jiyanov va Odilov yaqqol hujumkor futbolchilar, "Paxtakor" kabi jamoalar bilan esa jarima maydonchasidan jarima maydonigacha ishlash kerak va bizning darvozamiz oldida yaratilgan barcha vaziyatlarning 90 foizi ularning ortga qaytmagani tufayli ro'y berdi. Bu faqat qanot hujumchilarimiz himoyada mutlaqo ishlamayotganligi tufayli. Men ularni beshinchi daqiqadayoq almashtirgan bo'lardim. Ularning o'rnini bosa oladigan futbolchilar bo'lsa edi.
- "Navbahor" tanaffusda qanchalik kuchayishi mumkin? Selekciya ishlari olib boriladimi?
- Messi va Ronalduni jamoamizda aniq ko'rmaysiz. Narx va sifatga mos futbolchilarni safimizga jalb etamiz. Mahalliy futbolchilar bo'yicha bir-ikkita takliflar bor, lekin hozir barcha futbolchilarda amaldagi shartnomalar bor. Yana qaerdadir esa o'zimiz futbolchilarni topishimiz kerak bo'ladi.
- "Navbahor"dan bugun dadilroq o'yin kutgan edim. Ayniqsa birinchi bo'limda, tanaffusga qadar jamoangiz namoyish etgan sust o'yinning sababi nimada? Balki futbolchilar ruhiy jihatdan tayyor bo'lishmagandir?
- Yo'q. Aksincha, "Paxtakor" kabi jamoalar bilan o'ynashimiz osonroq. Bizga yopilib oladigan jamoalar bilan o'ynash qiyinroq. Bugun bir nechta asosiy futbolchilarimizning o'yini qovushmadi. Ular o'yindan tushib qolishdi desak ham bo'ladi. Aynan shu futbolchilar zaxirasiz o'ynashadi. Aytmoqchimanki, ushbu jihatni uch turdan beri sezyapman. Ammo qaerdadir, baribir ushbu o'yinchilar o'yin tempidan tushib qolishmoqda. Hattoki mashg'ulotlarda ham bu ko'zga tashlanmoqda.
Bu erda qo'rqinchli hech narsa yo'q. Oldinga yurishda davom etamiz va xulosalar chiqaramiz, shuning uchun yana bir bor aytaman: umid qilamanki, jamoamiz tarkibi kuchayadi. Jamoaning moliyaviy imkoniyatlari ham kuchaytirilishi kerak. Sababi ikkinchi davrada barcha jamoalar nimalarga qodir ekanligi ko'rina boshlaydi.
- Bu mavsumda darvozabonlar boshqa mavsumlar bilan solishtirganda ancha ko'proq xatolarga yo'l qo'ymoqda. Bu nima bilan bog'liq?
- Bu aynan bizning jamoamizdami?
-Yo'q, umuman.
- Chunki futbol o'zgaryapti. Etibor bergan bo'lsangiz, hozir darvozabonlar, bu deyarli o'n birinchi maydondagi o'yinchi, hamma ham bolalar maktabida aynan oyoq bilan o'ynash qobiliyatiga katta etibor bermagan. Mening fikrimcha, murabbiylarning, bolalar darvozabonlari bo'yicha murabbiylarning kamchiligi. Shu bilan birga, men aniq bilamanki, bu juda katta muammo. Ko'plab maktablarda darvozabonlar murabbiysi yo'q. Zamonaviy futbol talablari shunday, darvozabon oyoqlari bilan yaxshi o'ynay olishi kerak. Qaerdadir xatolarga yo'l qo'ymoqdamiz. Bu normal holat.
Agar odam xato qilsa va keyinchalik uni tahlil qilmasa va bir xil narsani takrorlasa, bu o'sha o'yinchining aqliy rivojlanishiga bog'liq masala, lekin agar o'yinchi bir marta xato qiladigan bo'lsa, bu qandaydir muammo deb o'ylamayman. Men uchun eng muhimi, barcha futbolchilar maydonda qo'rqmay futbol o'ynashi. Maydonga chiqib, futbol o'ynashdan qo'rqishning nima keragi bor? Ha, Ergashev o'sha vaziyatda ishonchliroq o'ynamoqchi edi, lekin Sergeev kabi futbolchilar bor. U ancha tajribali futbolchi va to'pni olib qo'ydi. Bu vaziyatda hech kim uni urishmoqchi emas. Aynan u futbol o'ynashni xohlagan, shuning uchun men bunday futbolchilar tomonida bo'laman.
Agar u shunchaki qo'rqib, to'pni tepib yuboraveradigan bo'lsa, menga bunday darvozabonning nima keragi bor?
- Jamoani yozda tark etadigan futbolchilar aniqmi?
- Ha, biz 3−4 futbolchini qo'yib yuborishni rejalashtirmoqdamiz, chunki o'ynamayotgan futbolchilarni ushlab turish va ularga pul to'lash befoyda. Bizda bu yil hozircha, moliyaviy tomondan malum muammolar bor. Qaerdadir sotishimiz mumkin, ko'ramiz, balki pul ham ishlab olarmiz. Qarzlar bilan hisob-kitob qilamiz. Barchasini rasman klub elon qiladi. Aniq qaror qabul qilinganidan so'ng. Biz futbolchilarni ko'chaga chiqarib yubora olmaymiz-ku, shuning uchun ular dastlab yangi jamoa topishlari kerak. Umid qilamanki, ushbu futbolchilar yangi klublarida yorqin o'yin namoyish etishadi. Ular shunchaki hozirgi o'yin uslubimizga mos emas.