Musobaqa shu yilning 22-30 noyabr oralig'ida bo'lib o'tadi.
OFK U-17 Osiyo chempionati saralash bahslariga qura tashladi. Qura formatiga ko'ra, saralashda 38ta terma jamoa qatnashadi. Jamoalar 7ta guruhga bo'lingan bo'lib, har bir guruhdan faqat g'olib jamoa (jami 7ta jamoa) musobaqaning final bosqichiga yo'llanma oladi. Saralashdagi guruhlar quyidagi ko'rinish olgan:
A guruhi: Xitoy, Bangladesh, Bahrayn, Bruney, Timor-Leste, Shri Lanka.
B guruhi: Yaman, Qirg'iziston, Laos, Kambodja, Guam, Pokiston.
C guruhi: Vetnam, Malayziya, Singapur, Gonkong, Xitoy, Shimoliy Mariana, Makau.
D guruhi: Eron, Hindiston, Falastin, Xitoy Taypeyi, Livan.
E guruhi: Avstraliya, Iroq, Filippin, Iordaniya, Butan.
F guruhi: Tailand, Quvayt, Turkmaniston, Mo'g'uliston, Maldiv.
G guruhi: Ummon, Afg'oniston, Myanma, Suriya, Nepal.
2026 yilgi U-17 Osiyo chempionati 7-24 may kunlari Saudiya Arabistonida bo'lib o'tadi. Bu musobaqada 16ta jamoa qatnashadi. Hozirgi paytga kelib mezbon Saudiya bilan birgalikda 9ta jamoa musobaqa yo'llanmasini qo'lga kiritib bo'lgan. Bular - Qatar, O'zbekiston, Janubiy Koreya, KXDR, Yaponiya, Tojikiston, BAA va Indoneziya.
Malumki, shu yil o'tkazilgan U-17 Osiyo chempionati yakunlariga ko'ra, 8ta jamoa FIFA U-17 Jahon chempionati yo'llanmasiga ega chiqdi. Mezbon Qatar bilan birgalikda Osiyo jamoalari 9taga etdi. Shu bois ham OFK U-17 Osiyo chempionati saralash formatiga o'zgartirish kiritib, Jahon chempionatida o'ynaydigan jamoalarni keyingi musobaqa saralashidan ozod qildi.
O'zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo chempioni sifatida keyingi qita birinchiligi saralashida ishtirok etmaydi va to'g'ridan to'g'ri musobaqaga boradi. Xuddi biz kabi Saudiya Arabistoni, Qatar, Janubiy Koreya, KXDR, Yaponiya, Tojikiston, BAA va Indoneziya ham saralashdan ozod qilingan.
Aytib o'tganimizdek, kelasi U-17 Osiyo chempionati 2026 yilning may oyida Saudiya Arabistonida o'tkaziladi va biz bu musobaqaga amaldagi chempion sifatida boramiz.
X.Xoliqov